2026-yil 30-mart kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga Yevropa Parlamenti a’zolari, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili hamda O‘zbekiston Respublikasidagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi vakillarini o‘z ichiga olgan nufuzli delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlarni universitet rektori Muhsinjon Xolmuhamedov kutib oldi. Tashrifning asosiy maqsadi universitetning ilmiy-pedagogik faoliyati bilan, xususan, Yevropa Ittifoqining flagman dasturi – Erasmus+ doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan batafsil tanishish, shuningdek, kelgusida yanada barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.
Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi Parlamentlararo hamkorlik forumi arafasida, Juzi Princhi xonim boshchiligidagi Yevropa Ittifoqining yuqori darajadagi delegatsiyasi Samarqand shahridagi ikki muhim ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif Yevropa Ittifoqining yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda madaniy merosni asrab-avaylashga bo‘lgan qat’iy intilishini yana bir bor namoyon etdi.
Mehmonlarga ta’lim jarayonlari, madaniy merosni saqlash va rivojlantirish borasidagi izlanishlar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi grantlari asosida amalga oshirilayotgan akademik mobillik, tajriba almashinuv va innovatsion o‘quv dasturlari haqida ma’lumot berildi.
Delegatsiya a’zolarini, ayniqsa, universitetning xalqaro maydondagi faol pozitsiyasi, yoshlarni jahon ta’lim makoniga integratsiya qilishdagi tizimli yondashuvi va Erasmus+ loyihalari orqali erishilgan amaliy natijalari katta taassurot qoldirdi.
Tashrifning alohida e’tiborga molik bo‘lgan qismi – Yevropa Parlamenti a’zolari va universitet talabalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq suhbat bo‘ldi. Talabalar parlament faoliyati, O‘zbekiston bilan hamkorlikning strategik yo‘nalishlari, xalqaro almashinuv dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlari haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.


